Talabalar mehnat shartnomasi asosida ishlashi mumkinmi?
Muhim Ishga qabul qilish ✨ Bepul

Talabalar mehnat shartnomasi asosida ishlashi mumkinmi?

25.05.2026 123 ko'rildi 0 izoh Baxtiyor Abidjanov

Maqolada talabalarning mehnat faoliyatini tashkil etishga oid huquqiy normalar tushuntiriladi.

Qonunchilikda talabaning ishlashi taqiqlanmagan. Aksincha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 42-moddasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsiz va qulay mehnat sharoitlarida ishlash hamda adolatli haq olish huquqiga ega ekani belgilangan.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaning 50-moddasi har kimning ta’lim olish huquqini ham kafolatlaydi. Demak, talabaning mehnat qilishi uning ta’lim olish huquqiga zid emas, biroq ish o‘qish jarayoniga, sog‘liq va xavfsizlikka zarar yetkazmasligi kerak.

 

Necha yoshdan mehnat qilish mumkin?

Mehnat kodeksiga ko‘ra, umumiy holatda mehnatga oid huquq va muomala layoqati 16 yoshdan vujudga keladi va shaxs shu yoshdan mehnat munosabatlarining to‘la huquqli subyekti bo‘la oladi.

Yoshlarni mehnatga tayyorlash maqsadida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari 15 yoshga to‘lgach, ota-onadan birining yozma roziligi bilan yengil ishlarga qabul qilinishi mumkin. Bunday ish sog‘liqqa va ma’naviy kamolotga zarar yetkazmasligi hamda o‘qitish jarayonini buzmasligi shart.

Ayrim ishlarda 15 yoshga to‘lmagan shaxslarning ishlashiga ota-onaning har ikkisining (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning) roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunday ishlar ro‘yxati qonunchilikda belgilanadi.

Biroq, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar voyaga yetmagan shaxslar hisoblanishi sababli mehnat qonunchiligida ularning mehnati maxsus qoidalar bilan tartibga solinadi (Mehnat kodeksi 411-422-moddalari).

Ularning zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda, yer osti ishlarida, shuningdek ularning sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki ma’naviy kamolotiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda mehnatidan foydalanish taqiqlanadi, ularga qisqartirilgan ish vaqti rejimi tatbiq qilinadi, ularni xizmat safariga yuborish, ish vaqtidan tashqari ishlarga, tungi ishlarga, dam olish va bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

Agar talaba 18 yoshga to‘lgan bo‘lsa, u odatdagi xodim sifatida mehnat shartnomasi asosida ishlashi mumkin.

 

Talaba necha stavkagacha ishlashi mumkin?

Qonunchilikda talabalarning to‘liq ish vaqtida ishlashiga hech qanday taqiq mavjud emas. Talaba xohlasa, to‘liq stavkada va hattoki, 1,5 stavkada (asosiy va o‘rindoshlik birgalikda) ishlashi mumkin. Asosiy talab shuki, ish vaqti o‘qish vaqtiga to‘g‘ri kelmasligi, ya’ni kesishmasligi kerak. Chunki talabaning asosiy vazifasi o‘qish hisoblanishi sababli, uning ishlashi o‘qishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.

Agar talabaning o‘qish va ish vaqti qisman kesishadigan bo‘lsa, talaba to‘liqsiz ish vaqti rejimida (masalan, 0,25; 0,5; 0,75 stavka) ishlashi mumkin.

Mehnat kodeksining 186-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra xodimga ishga qabul qilish chogʻida va keyinchalik toʻliqsiz ish vaqti belgilanishi mumkin.

Bunday holatda xodimning mehnatiga haq toʻlash u ishlab bergan vaqtga mutanosib ravishda yoki u bajargan ishning hajmiga qarab amalga oshiriladi.

Toʻliqsiz ish vaqti shartlarida ishlash xodimlar uchun har yilgi asosiy mehnat taʼtili davomiyligining, mehnat stajini hisoblab chiqarishning va boshqa mehnat huquqlarining biror-bir cheklanishlariga sabab boʻlmaydi.

 

Talaba qanday ishlarda ishlashi mumkin?

Agar talaba 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, uning voyaga yetmaganlar ishlashi taqiqlangan ishlarda ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi (Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qaroriga ilova “Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning” roʻyxati).

Agar talaba 18 yoshga to‘lgan bo‘lsa, umumiy asoslarda ishlashi mumkin.

Shuni e’tiborga olish kerakki, ayrim ishlarda xodimning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi talab etiladi, demak, talaba hali oliy ma’lumotli bo‘lmaganligi sababli, o‘z-o‘zidan, bunday ishlarda ishlay olmaydi.

 

Ishlayotgan talabalarga qonunchilikda qanday imtiyozlar mavjud?

Mehnat kodeksi 23-bobi ishni ta’lim bilan birga olib borayotgan shaxslar uchun bir qator imtiyozlarni nazarda tutadi.

Mehnat kodeksi 383-moddasi 1-qismiga ko‘ra, ish beruvchi mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan oʻtayotgan, shuningdek ishlab chiqarish taʼlimini oʻtayotgan xodimlarga ish va oʻqishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.

Mazkur moddaning 3-qismiga ko‘ra, mehnat shartnomasi boʻyicha taʼlim tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqiyotganlarga yillik mehnat taʼtillarini ish beruvchi, ularning xohishiga koʻra, bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga toʻgʻrilab berishi shart.

Mehnat kodeksi 385-moddasiga ko‘ra, oliy, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqiyotgan xodimlarga oʻrtacha ish haqi saqlangan holda laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun oʻquv taʼtillari beriladi.

Mehnat kodeksi 386-moddasiga ko‘ra, ishni oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar birinchi marta tegishli darajadagi taʼlim olayotganda beriladi.

Mazkur kafolatlar va kompensatsiyalar, shuningdek tegishli darajadagi taʼlim olgan hamda ish beruvchi tomonidan ichki hujjatlar, mehnat shartnomasi yoki ish beruvchi va xodim oʻrtasida tuzilgan alohida kelishuvga muvofiq taʼlim olishga yuborilgan xodimlarga ham berilishi mumkin.

 

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, talabalar mehnat shartnomasi asosida ishlashi mumkin. Asosiy shartlar quyidagilardan iborat: ish qonuniy rasmiylashtirilishi, mehnat shartnomasi tuzilishi, ish o‘qish jarayoniga xalaqit bermasligi, voyaga yetmaganlar uchun belgilangan yosh, ish vaqti, tibbiy ko‘rik va xavfsizlik talablariga rioya qilinishi kerak.

Izohlar (0)
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling!
Izoh qoldiring