Mehnatga layoqatsizlik nafaqasi (bolnichniy) toʻlash: YANGI TARTIB
Maqolada mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to'lash bo'yicha yangi tartib to'liq tushuntiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-son qarori bilan “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tugʻish nafaqalarini tayinlash hamda toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizomga koʻra, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi boʻyicha yangi mexanizm 2026-yil 1-iyuldan boshlab yuzaga kelgan sugʻurta hodisalariga nisbatan qoʻllanadi.
Yangi tartibning asosiy mazmuni shundan iboratki, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi endilikda davlat ijtimoiy sugʻurtasi tizimi orqali, elektron va proaktiv tartibda tayinlanadi. Yaʻni xodim nafaqa olish uchun alohida ariza bilan murojaat qilishi shart emas: mehnatga layoqatsizlik varaqasi tibbiyot muassasasi tomonidan elektron shaklda rasmiylashtiriladi, u avtomatik tarzda “Ijtimoiy sugʻurta” axborot moduliga yuboriladi va tegishli maʻlumotlar axborot tizimlari orqali tekshiriladi va nafaqa toʻlab beriladi.
Qaysi holatlarda nafaqa toʻlanadi?
Nizomning 11-bandiga koʻra, nafaqa vaqtincha mehnat layoqatini yoʻqotish bilan bogʻliq kasallik yoki shikastlanish, sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida davolanish, kasallangan oila aʻzosini parvarishlash zarurati, karantin, sil kasalligi sababli vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish, shuningdek mehnat layoqatini tiklash yoki protez qoʻydirish uchun reabilitatsiya muassasasiga yotqizish holatlarida toʻlanadi.
Mehnatga layoqatsizlik qaysi davrlarga toʻgʻri kelganda nafaqa toʻlanmaydi?
Nizomning 23-bandiga koʻra, mehnatga layoqatsizlik ish haqi saqlanmaydigan taʻtil, ish haqi qisman saqlanadigan taʻtil, bolani parvarishlash taʻtili, harbiy oʻquv yoki tekshiruv yigʻini, shuningdek ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqish munosabati bilan berilgan oʻquv taʻtili davrida yuzaga kelsa, nafaqa toʻlanmaydi.
Ushbu davrlarda boshlanib davom etayotgan mehnatga layoqatsizlik uchun nafaqa xodim ishga chiqishi lozim boʻlgan kundan boshlab beriladi.
Kimlar nafaqa olish huquqiga ega?
Nizomning 7-bandiga koʻra, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi shaxs ish beruvchi bilan yakka tartibdagi mehnat munosabatlarida boʻlgan davrda, fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida xizmat koʻrsatayotgan yoki ish bajarayotgan davrda, yoxud qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa rasmiy faoliyat bilan band boʻlgan davrda tayinlanishi mumkin.
Yangi tizimning asosiy yangiliklaridan biri staj talabi joriy etilganligidir. Nizomning 7-bandi b kichik bandiga koʻra, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun kamida olti oy sugʻurta staji mavjud boʻlishi talab etiladi.
Nafaqani kim toʻlaydi?
Yangi tartibda toʻlov manbai mehnatga layoqatsizlik davrining davomiyligiga qarab farqlanadi.
Nizomning 20-bandiga koʻra, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrining tegishli kalendar yildagi beshinchi kunigacha boʻlgan qismi ish beruvchi tomonidan toʻlanadi. Agar shaxsning ish beruvchisi boʻlmasa, ushbu qism sugʻurtalangan shaxsning oʻz hisobidan qoplanadi. Oltinchi kundan boshlab esa nafaqa Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan toʻlab beriladi.
Bunda nafaqani texnik jihatdan toʻlash moliyaviy agent - yaʻni jalb qilingan tijorat banki orqali amalga oshiriladi.
Toʻlovlar, birinchi navbatda, sugʻurtalangan shaxsning ijtimoiy kartasiga, bunday karta mavjud boʻlmasa, bank kartasiga yoki virtual ijtimoiy kartaga oʻtkaziladi.
Nafaqa qancha muddat uchun toʻlanadi?
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan barcha davr uchun toʻlanadi.
Nizomning 20-bandiga koʻra, bir kalendar yil davomida nafaqa 182 kalendar kundan oshmagan davr uchun toʻlab beriladi.
Nizomning 21-bandiga koʻra, yuqoridagi muddat cheklovi 14 yoshgacha boʻlgan farzand uchun qoʻshimcha 20 kalendar kun, 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan farzand uchun qoʻshimcha 40 kalendar kunga uzaytiriladi.
Nafaqa miqdori qanday hisoblanadi?
Nizomga koʻra, nafaqa miqdori quyidagi formula asosida hisoblanadi:
Nafaqa miqdori = OʻOIH ÷ 25,3 × SK × KS
Bu yerda OʻOIH - hisoblangan oʻrtacha oylik ish haqi; 25,3 - ish kunlarining oʻrtacha oylik soni; SK - sugʻurta stajiga qarab qoʻllaniladigan staj koeffitsiyenti; KS - mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan davr ichida Jamgʻarma hisobidan qoplanadigan kunlar soni.
Yakshanba kuni va Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq ishlanmaydigan bayram kunlari hisob-kitobda inobatga olinmaydi.
Oʻrtacha oylik ish haqi, odatda, nafaqa tayinlanadigan oydan oldingi sugʻurta staji sifatida hisobga olinadigan 12 oylik davrdagi ish haqi miqdorini 12 ga boʻlish orqali aniqlanadi. Agar sugʻurta staji 12 oydan kam boʻlsa, mavjud sugʻurta staji oylari boʻyicha hisoblangan ish haqi shu oylar soniga boʻlinadi. Bunda majburiy sugʻurtalangan shaxslar uchun oʻrtacha oylik ish haqining MHTEKMning 10 baravaridan ortiq boʻlmagan qismi inobatga olinadi.
Staj koeffitsiyenti quyidagicha belgilanadi:
- sugʻurta staji 6 oydan 96 oygacha boʻlsa - 60 foiz;
- agar sugʻurta staji 97 oy va undan ortiq boʻlsa - 80 foiz;
Ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar uchun koeffitsiyent oshiriladi: I va II guruh nogironligi boʻlgan, qaramogʻida 18 yoshga toʻlmagan 4 yoki undan ortiq farzandi boʻlgan yoki farzandlaridan kamida birida nogironlik boʻlgan shaxslarga staj koeffitsiyenti 20 foiz bandga oshirilgan holda hisoblanadi;
kalendar yil davomida rasmiylashtirilgan mehnatga layoqatsizlik varaqalaridagi (bundan homiladorlik va tugʻishga oid davr mustasno) 77 kalendar kundan oshgan davr uchun vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi miqdori tegishli staj koeffitsiyentini 10 foiz bandga kamaytirilgan holda hisoblanadi.
Masalan, xodimning oʻrtacha oylik ish haqi 5 000 000 soʻm, sugʻurta staji
24 oy boʻlsa, unga 60 foizlik koeffitsiyent qoʻllanadi. Agar Jamgʻarma hisobidan qoplanadigan davr 5 ish kunini tashkil etsa, hisob-kitob quyidagicha boʻladi:
5 000 000 ÷ 25,3 × 60% × 5= 592 885 soʻm.
Bu holatda Jamgʻarma tomonidan toʻlanadigan nafaqa taxminan 592 885 soʻmni tashkil etadi.
Toʻlov qanday amalga oshiriladi?
Tibbiyot muassasasi mehnatga layoqatsizlik varaqasini mehnatga layoqatsizlik davri boshlangan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida Yagona tibbiy axborot tizimida elektron shaklda rasmiylashtiradi. Mazkur varaqa avtomatik ravishda “Ijtimoiy sugʻurta” axborot moduliga yuboriladi. Varaqa yopilgach, tizim shaxsning staji, daromadi va boshqa zarur maʻlumotlarini tekshiradi, nafaqa tayinlash yoki rad etish haqida qaror shakllantiradi va shaxsga SMS-xabarnoma yuboradi.
Toʻlov roʻyxatlari moliyaviy agentga (bank) belgilangan muddatlarda yuboriladi:
- oyning 1–15-sanalari oraligʻida tayinlangan toʻlovlar boʻyicha roʻyxatlar shu oyning 25-sanasiga qadar,
- oyning 16-sanasidan oxirigacha tayinlangan toʻlovlar boʻyicha esa keyingi oyning 10-sanasiga qadar taqdim etiladi.
Moliyaviy agent toʻlov roʻyxatini taqdim etish uchun belgilangan soʻnggi kundan keyingi 5 ish kuni ichida toʻlovni amalga oshiradi.
Xulosa
Mazkur tartib-qoidalar 2026-yil 1-iyuldan boshlab qoʻllaniladi. Unga qadar ish beruvchilar mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini amaldagi tartib, yaʻni Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qarorining 1-ilovasi “Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalarni hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi NIZOM asosida toʻlashda davom etishadi.