Xodimni taʻtildan chaqirib olish va hisob-kitob qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Trend Ta’tillar ✨ Bepul

Xodimni taʻtildan chaqirib olish va hisob-kitob qilishning oʻziga xos xususiyatlari

18.05.2026 190 ko'rildi 0 izoh Baxtiyor Abidjanov

Xodimni taʻtildan chaqirib olish oddiy tashkiliy masala emas, balki xodimning dam olish huquqiga taʻsir qiladigan huquqiy jarayondir.

Har yilgi mehnat taʻtili xodimning dam olishi va mehnat qobiliyatini tiklashi uchun beriladigan kafolatlangan dam olish vaqti hisoblanadi. Mehnat kodeksining 216-moddasiga koʻra, har yilgi mehnat taʻtilida xodim ish oʻrnini saqlagan holda ishdan ozod etiladi va unga oʻrtacha ish haqi saqlanadi. Shu sababli taʻtildan chaqirib olish oddiy tashkiliy masala emas, balki xodimning dam olish huquqiga taʻsir qiladigan huquqiy jarayondir.

 

1.Har yilgi mehnat taʻtili va uning minimal kafolatlari

Mehnat kodeksining 217-moddasiga koʻra, har yilgi asosiy eng kam mehnat taʻtilining davomiyligi 21 kalendar kunni tashkil etadi. Taʻtilning umumiy davomiyligi asosiy taʻtil va qoʻshimcha taʻtillarni jamlash orqali belgilanadi. Xodimlarning asosiy va qoʻshimcha mehnat taʻtillari kalendar kunlarda hisoblanadi, biroq taʻtil davriga toʻgʻri keladigan ishlanmaydigan bayram kunlari taʻtil davomiyligini belgilashda hisobga olinmaydi.

Mehnat kodeksining 222-moddasiga koʻra, qoʻshimcha taʻtillar asosiy eng kam yoki asosiy uzaytirilgan taʻtilga qoʻshib jamlanadi. Biroq qonunchilik bilan belgilangan taʻtillarni jamlashda ularning umumiy davomiyligi bir ish yili uchun 56 kalendar kundan oshmasligi kerak.

Demak, xodim taʻtildan chaqirib olinayotganida ish beruvchi, avvalo, xodimning qaysi turdagi taʻtildan foydalanayotganini, taʻtilning qancha qismi ishlatilganini va qancha qismi qolganini aniq hisoblab olishi kerak.

 

2.Taʻtildan chaqirib olish faqat xodimning roziligi bilan amalga oshiriladi

Mehnat kodeksining 232-moddasiga koʻra, xodimni har yilgi mehnat taʻtilidan chaqirib olishga taʻtilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Yaʻni ish beruvchi ishlab chiqarish zarurati, kadr yetishmasligi yoki muhim topshiriq mavjudligini asos qilib koʻrsatgan taqdirda ham, xodimning roziligisiz uni taʻtildan qaytarishga haqli emas.

Amaliyotda bu rozilik yozma shaklda rasmiylashtirilishi maqsadga muvofiq. Masalan, xodimdan “taʻtildan chaqirib olinishimga roziman” mazmunidagi ariza yoki rozilik xati olinadi. Shundan soʻng ish beruvchi buyruq chiqaradi. Buyruqda xodim qaysi sanadan ishga qaytishi, taʻtilning qancha qismi foydalanilmay qolayotgani va qolgan qism qachon berilishi koʻrsatilishi kerak

(Yoki ish beruvchining xodimni taʻtildan chaqirib olish toʻgʻrisidagi buyrugʻiga xodim tomonidan rozilik bildirilib, imzo qoʻyilishi ham jarayonni toʻgʻri rasmiylashtirishning bir shakli boʻlishi mumkin).

 

3.Ayrim xodimlarni taʻtildan chaqirib olish taqiqlanadi

Mehnat kodeksining 232-moddasida ayrim toifadagi xodimlar uchun qatʻiy kafolat belgilangan. Unga koʻra, 18 yoshga toʻlmagan xodimlar, homilador ayollar va mehnat sharoitlari oʻta zararli hamda oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlarni har yilgi mehnat taʻtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, Mehnat kodeksi 429-moddasiga koʻra, I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarni ham yillik mehnat taʼtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Bu yerda xodimning roziligi ham vaziyatni oʻzgartirmaydi. Yaʻni mazkur toifadagi xodim “roziman” deb ariza yozgan taqdirda ham, ish beruvchi uni taʻtildan chaqirib olmasligi kerak.

 

4.Taʻtilning qolgan qismi taqdiri nima boʻladi?

Xodim taʻtildan chaqirib olinganda, foydalanilmay qolgan taʻtil qismi “kuyib” ketmaydi. Mehnat kodeksining 232-moddasiga koʻra, taʻtilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga shu ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki Kodeksning 230 va 231-moddalarida belgilangan talablar asosida keyingi ish yilida berilishi kerak.

Bu yerda ikkita muhim cheklov bor:

Birinchisi, Mehnat kodeksining 230-moddasiga koʻra, har yilgi mehnat taʻtili har yili, taʻtil berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak. Faqat ishlab chiqarish xususiyatiga ega sabablarga koʻra joriy yilda taʻtilni toʻliq berish imkoni boʻlmagan alohida hollarda, xodimning roziligi bilan taʻtilning 14 kalendar kundan ortiq boʻlgan qismi keyingi ish yiliga koʻchirilishi mumkin.

Ikkinchisi, Mehnat kodeksining 231-moddasiga koʻra, taʻtil qismlarga boʻlinganda uning hech boʻlmaganda bir qismi 14 kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak.

 

5.Taʻtil puli qachon va qanday toʻlanadi?

Mehnat kodeksining 233-moddasiga koʻra, har yilgi mehnat taʻtilida boʻlgan vaqt uchun xodimga Mehnat kodeksining 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan oʻrtacha ish haqi saqlanishi kafolatlanadi. Taʻtil haqi jamoa shartnomasi, ichki hujjatlar yoki mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda, biroq taʻtil boshlanguniga qadar oxirgi ish kunidan kechiktirmay toʻlanishi kerak.

Mehnat kodeksining 257-moddasiga koʻra, oʻrtacha ish haqi, odatda, u hisoblanadigan oydan oldingi 12 oylik hisob-kitob davri uchun xodimga hisoblangan ish haqidan kelib chiqib belgilanadi. Oʻrtacha ish haqini hisoblashda soliq solinishi lozim boʻlgan va ish beruvchi tomonidan haqiqatda toʻlangan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar inobatga olinadi.

Umumiy formula quyidagicha ifodalanadi:

Oʻrtacha oylik ish haqi = hisob-kitob davridagi ish haqi summasi ÷ 12;

Oʻrtacha kunlik ish haqi = oʻrtacha oylik ish haqi ÷ 25,3;

Taʻtil puli = oʻrtacha kunlik ish haqi × taʻtil uchun haq toʻlanadigan kunlar soni.

Mehnat kodeksi 233-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 758-son qarorining 5-ilovasi bilan tasdqilangan “Alohida hollar uchun xodimlarning oʻrtacha ish haqini hisoblab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisidagi Nizom”ning 8-bandiga koʻra, taʻtil uchun haq toʻlashda yakshanba va bayram kunlari inobatga olinmaydi.

 

6.Taʻtildan chaqirib olinganda hisob-kitob qanday qilinadi?

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 758-son qaroriga 5-ilovasi bilan tasdiqlangan “Alohida hollar uchun xodimlarning oʻrtacha ish haqini hisoblab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisidagi Nizom”da taʻtildan chaqirib olingan xodim bilan hisob-kitob qilishning maxsus tartibini belgilaydi. Nizomning 10-bandiga koʻra, xodim taʻtildan chaqirib olinsa va taʻtilning qolgan qismi boshqa muddatga koʻchirilsa, foydalanilmagan taʻtil qismi kunlariga haq toʻlash uchun oʻrtacha ish haqi belgilangan tartibda qayta hisoblab chiqiladi. Taʻtilning koʻchirilgan kunlariga toʻgʻri keladigan ilgari toʻlangan oʻrtacha ish haqi summasi esa bajarilgan ish yoki ishlangan vaqt uchun oylik ish haqi hisobiga yoziladi.

Bu qoida amaliy jihatdan shuni anglatadi: xodim taʻtilga chiqishidan oldin unga butun taʻtil davri uchun taʻtil puli toʻlab beriladi. Agar xodim taʻtilning bir qismidan foydalanganidan keyin taʻtildan chaqirib olinsa, foydalanilmay qolgan kunlar uchun oldindan toʻlangan summa xodimning keyingi ish haqi hisobiga oʻtkaziladi. Keyinchalik xodim taʻtilning qolgan qismidan foydalanganda, oʻsha vaqtdagi hisob-kitob davridan kelib chiqib taʻtil haqi qayta hisoblanadi.

 

7.Amaliy misol:

Xodimga 21 kalendar kunlik mehnat taʻtili berildi. Taʻtil boshlanishidan oldin unga taʻtil puli toʻliq toʻlab berildi. Xodim 10 kun taʻtildan foydalangach, oʻz roziligi bilan ishga chaqirib olindi. Demak, 11 kun taʻtil foydalanilmay qoldi.

Bu holatda ish beruvchi quyidagilarni amalga oshiradi:

- Xodimdan taʻtildan chaqirib olishga yozma rozilik oladi;

Taʻtildan chaqirib olish haqida buyruq chiqaradi;

Foydalanilmagan 11 kunlik taʻtil qachon berilishini belgilaydi;

- Foydalanilmagan kunlar uchun oldindan toʻlangan taʻtil pulini xodimning ishlagan vaqti uchun hisoblanadigan oylik ish haqi hisobiga yozadi;

Xodim keyinchalik qolgan 11 kun taʻtilga chiqqanida, taʻtil pulini oʻsha paytdagi oʻrtacha ish haqi asosida qayta hisoblaydi.

Masalan, xodimning oʻrtacha kunlik ish haqi 200 000 soʻm boʻlsa, dastlab 21 kun uchun hisoblangan taʻtil haqi shartli ravishda 4 200 000 soʻmni tashkil etadi. Agar 11 kun foydalanilmay qolgan boʻlsa, 2 200 000 soʻmga teng qism xodimning keyingi ish haqi hisobiga yoziladi. Qolgan 11 kunlik taʻtil keyin berilganda esa taʻtil haqi yangi hisob-kitob davri asosida qayta hisoblanadi.

Eʻtibor bering! Shu kabi holatlarda toʻlangan mablagʻlarni qayta hisob-kitob qilmaslik tashkilotlarda, ayniqsa, budjet tashkilotlarida moliyaviy tekshiruvlar davomida kamchilik sifatida koʻriladi.

 

8.Xulosa qilib aytganda xodimni taʻtildan chaqirib olishda yozma rozilik oling. Ayrim toifadagi xodimlarni taʻtildan chaqirib olish mumkin emasligini yodda tuting. Taʻtildan chaqirib olishni ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiring, buyruqda foydalanilmay qolgan taʻtil kunlarini aniq koʻrsating, uning qachon berilishini hal qiling (bunda taʻtilni qismlarga boʻlish va taʻtilni keyingi ish yiliga koʻchirib tartibini hisobga oling). Foydalanilmay qolgan taʻtil kunlari uchun toʻlangan taʻtil pulini tegishli davr uchun ish haqi hisobiga yozing. Keyinchalik xodimga taʻtilning qolgan qismi berilganda oʻrtacha ish haqini yangidan hisob-kitob qiling.

Izohlar (0)
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling!
Izoh qoldiring