Shtat qisqartirilganda kimlar ishda qoladi?

Shtat qisqartirilganda kimlar ishda qoladi?

04.05.2026 122 ko'rildi 2 izoh Baxtiyor Abidjanov

Shtat qisqartirilganda xodimlarni tanlash jarayoni mehnat qonunchiligida aniq mezonlar asosida tartibga solinadi. Ushbu maqolada ishda qoldirishda ustuvor huquqlar, baholash mezonlari va ijtimoiy himoya tamoyillari yoritiladi.

Tashkilotda texnologiyalar, ishlab chiqarish jarayonlari va mehnatni tashkil etish shakllarining o‘zgarishi, shuningdek ishlar (mahsulotlar, xizmatlar) hajmining qisqarishi natijasida xodimlar soni (shtati) qisqartirilganda mehnat munosabatlarini tartibga solishda adolat va ijtimoiy himoya tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bunday hollarda mehnat shartnomasini bekor qilish O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 161-moddasi ikkinchi qismi 2-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, xodimlarning ayrim toifalari uchun ishda qoldirishga doir imtiyozli huquqlar belgilangan bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 167-moddasida mustahkamlangan.

Qonunchilikka muvofiq, ishda qoldirishda ustuvor huquq, avvalo, malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq bo‘lgan xodimlarga beriladi. Ushbu mezonlarni quyidagi tarzda tavsiflash mumkin:

Malaka - xodimning nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari, ish tajribasi va kasbiy tayyorgarlik darajasini ifodalovchi kompleks ko‘rsatkich;

Mehnat unumdorligi - ma’lum vaqt ichida bajarilgan ish hajmi va sifati, shuningdek, uning iqtisodiy samaradorligini aks ettiruvchi ko‘rsatkich.

⚖️Mazkur mezonlarni xolis baholash maqsadida tashkilotda mustaqil va malakali mutaxassislardan iborat komissiya tuzilishi maqsadga muvofiq. Komissiya faoliyati quyidagi usullarga asoslanishi lozim:

- hujjatli tahlil (diplomlar, sertifikatlar, mehnat daftarchasi);

- intervyu va kasbiy suhbat;

- ish natijalarini solishtirma tahlil qilish (KPI, bajarilgan ishlar hajmi va sifati).

Komissiya tomonidan xodimning:

malakasini aniqlash uchun ma’lumot darajasi, bilimi, ish tajribasini o‘rganish kerak, buning uchun suhbat ham o‘tkazish mumkin;

mehnat unumdorligini aniqlash uchun amalga oshirgan ishlarining sifati, vaqti, bu ishlarni tashkilotga keltirgan foydasi kabi holatlar o‘rganilishi kerak.

Eng asosiysi, imtiyozli huquq berilishi uchun ham malakasi ham mehnat unumdorligi boshqa shu lavozimdagi xodimlardan yuqoriroq bo‘lishi kerak.

Agar xodimlarning malakasi va mehnat unumdorligi o‘zaro teng deb topilsa, qonunchilik ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib qo‘shimcha ustuvorlik mezonlarini belgilaydi. Jumladan, quyidagi shaxslarga afzallik beriladi:

👨‍👩‍👧‍👦qaramog‘ida ikki va undan ortiq boqimandasi bo‘lgan shaxslar;

💸oilasida mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lgan boshqa a’zolar mavjud bo‘lmagan xodimlar;

🕰mazkur tashkilotda uzoq muddatli mehnat stajiga ega bo‘lganlar;

🎓ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olayotgan yoki yaqinda mutaxassislik bo‘yicha ta’limni tugatgan xodimlar;

🏥ish jarayonida jarohat olgan yoki kasb kasalligiga chalingan shaxslar;

nogironligi bo‘lgan shaxslar;

🎖urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;

🏆mehnatda yuqori natijalarga erishgan, rag‘batlantirishlarga ega va intizomiy jazolari mavjud bo‘lmagan xodimlar.

Imtiyozli huquqlarni aniqlash jarayonini shaffof va asosli tashkil etish uchun quyidagi ilmiy-amaliy choralar tavsiya etiladi:

- baholash mezonlarini oldindan lokal normativ hujjatlarda belgilash;

- har bir xodim bo‘yicha reyting yoki ball tizimini joriy etish;

- qaror qabul qilish jarayonini protokollashtirish;

- nizolarni oldini olish maqsadida xodimlarni baholash natijalari bilan tanishtirish.

Shuningdek, malaka va mehnat unumdorligi teng bo‘lgan holatlarda afzalliklarni aniqlash uchun solishtirma jadval (namuna ilova qilinadi) tuzish tavsiya etiladi.


Afzalliklarni ko‘rib chiqish jadvali.docx

Xodimlarni qisqartirishda imtiyozli huquqlarni qo‘llash nafaqat huquqiy talab, balki ijtimoiy adolatni ta’minlash mexanizmi hamdir. Ushbu jarayonda subyektiv yondashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik, baholashning aniq va o‘lchab bo‘ladigan mezonlariga tayanish muhim ahamiyatga ega.

Izohlar (2)
B
Baxtiyor Abidjanov 04.05.2026 18:23
Juda foydali maqola ekan! Rahmat!
S
Sardor Xikmatov 04.05.2026 19:16
Шу кунларда жуда керакли тушунтириш бўлди, hrblog.uz жамоасига катта раҳмат!!!
Izoh qoldiring