Mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish tartibi: nimalarni bilishingiz kerak ?
Mehnat shartnomasini bekor qilishda qonuniy asos mavjud bo‘lishi bilan bir qatorda, ushbu jarayonning qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi ham muhim ahamiyatga ega.
1.Mehnat shartnomasini bekor qilish tushunchasi
Mehnat shartnomasini bekor qilish muayyan asoslar bilan xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni tugatishdir.
Muddatli mehnat shartnomasini ham, nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish ham asosli bo‘lishi shart. Mehnat kodeksida mehnat shartnomasini bekor qilishning 30 dan ortiq asoslari sanab o‘tilgan.
2.Mehnat shartnomasini bekor qilish vakolati
Mehnat shartnomasini bekor qilishning eng muhim qoidasi shuki, Mehnat kodeksi 170-moddasi 1-qismiga ko‘ra, u faqat ish beruvchi tomonidangina amalga oshirilishi mumkin. Ya’ni mehnat shartnomasini bekor qilishda ish beruvchi nomidan har qanday shaxs emas, balki vakolatli mansabdor shaxsgina harakat qilishi mumkin hisoblanadi.
3.Mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish
Mehnat shartnomasini bekor qilish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Ish beruvchining buyrug‘ida xodimning F.I.SH., lavozimi, mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan sana, shartnomasi bekor qilish asosi va Mehnat kodeksining tegishli moddasi yoki aniq bandi hamda boshqa zarur ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi ish beruvchi buyrug‘i mehnat shartnomasini bekor qilish jarayonining asosiy rasmiy hujjati hisoblanadi.
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslariga qarab, mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi va asoslantiruvchi hujjatlar ham turlicha bo‘ladi.
Masalan, mehnat shartnomasi xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganda xodimning arizasi mavjud bo‘lishi, mehnat shartnomasini taraflar kelishuviga ko‘ra bekor qilishda qo‘shimcha kelishuv bo‘lishi shart.
4.Oxirgi ish kunini belgilash
Mehnat kodeksi 170-moddasi 2-qismiga ko‘ra, oxirgi ish kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun hisoblanadi. Agar oxirgi ish kuni dam olish kuniga yoxud ishlanmaydigan bayram kuniga yoki boshqa ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelsa, undan keyin keladigan birinchi ish kuni oxirgi ish kuni deb hisoblanadi.
5.Buyruqda shartnomani bekor qilish asosini aniq ko‘rsatish talabi
Mehnat kodeksi 170-moddasi 3-qismiga ko‘ra, ish beruvchining buyrug‘ida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari Mehnat kodeksi yoki tegishli qonunning moddasiga (bandiga) havola qilinadi hamda ta’riflar muvofiq ravishda ko‘rsatiladi.
Masalan, mehnat shartnomasi xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilinayotganda asos sifatida tegishli ravishda Mehnat kodeksi 160-moddasi ko‘rsatiladi. Yoki mehnat shartnomasi qisqartirish asosida bekor qilinayotganda buyruqda tegishli tartibda Mehnat kodeksi 161-moddasi 2-qismi 2-bandi ko‘rsatiladi.
E’tibor bering! Mehnat shartnomasida mehnat shartnomasini bekor qilish asosining to‘g‘ri ko‘rsatilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Chunki, nizo chiqqanda sudlar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishining qonuniyligini buyruqda koʻrsatilgan asoslar boʻyichagina tekshiradi.
6.Mehnat shartnomasini shartnomada nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilish
Mehnat qonunchiligi ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tashkil etishdagi o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda mehnat shartnomasini bekor qilishning Mehnat kodeksida nazarda tutilgan asoslaridan tashqari mehnat shartnomasida ham qo‘shimcha asoslarni nazarda tutadi.
Kasanachilar (Mehnat kodeksi 451-moddasi), tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, tashkilot alohida boʻlinmasi rahbari (Mehnat kodeksi 489-moddasi 1-qismi 2-bandi), mikrofirma xodimlari (Mehnat kodeksi 506-moddasi), uy ishchilari (Mehnat kodeksi 518-moddasi) shular jumlasidan.
Xodim bilan mehnat shartnomasini mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilishda (aytaylik, tashkilot yil yakuniga ko‘ra moliyaviy yo‘qotishlarga uchraganligi bilan tashkilot rahbari bilan) mehnat shartnomasining tegishli bandi buyruqda ko‘rsatiladi.
7.Mehnat shartnomasini xodim tomonidan mehnat majburiyatlari bir marta qoʻpol ravishda buzilganligi munosabati bilan bekor qilish
Bunday holatda ish beruvchining buyrug‘ida ichki mehnat tartib qoidalarining bandi, tashkilot rahbariga nisbatan mehnat shartnomasining bandi, oʻziga nisbatan intizom toʻgʻrisidagi ustavlar yoki nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan xodimlarga nisbatan esa mazkur hujjatlarning tegishli moddasi (bandi) ko‘rsatiladi.
Mehnat kodeksi 162-moddasida xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin boʻlgan mehnat majburiyatlarining bir marta qoʻpol ravishda buzilishlari roʻyxatini belgilash tartibi ko‘rsatilgan bo‘lib, mehnat shartnomasini mazkur asosga ko‘ra bekor qilishda yuqoridagi tartibga rioya qilish talab etiladi.
8.Mehnat shartnomasini bekor qilish tartibining o‘ziga xosliklari
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslariga qarab, mehnat shartnomasini bekor qilish tartiblari ham turlicha bo‘ladi.
Masalan, mehnat shartnomasini xodimning malakasi yetarli emasligi sababli ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda, dastlab, xodimning malakasi haqiqatda yetarli emasligi aniqlanishi, bu haqida xodimga ogohlantirish berilishi yoki tegishli tartibda ogohlantirish muddati kompensatsiyaga almashtirilishi, xodimga boshqa ish taklif etilishi, jamoa shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, kasaba uyushmasi roziligi olinishi kerak va hokazo.
9.Mehnat shartnomasini g‘ayriqonuniy bekor qilish oqibatlari
Xodim o‘zi bilan mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy bekor qilingan deb hisoblasa, belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Mehnat qonunchiligi xodimning nisbatan zaif taraf ekanligini hisobga olgan holda nizolarni ko‘rish chog‘ida mehnat shartnomasini bekor qilish qonuniyligini isbotlash majburiyatini ish beruvchiga yuklaydi (Mehnat kodeksi 174-moddasi 8-qismi). Agar ish beruvchi mehnat shartnomasi qonunda belgilangan tartibda hamda tegishli asoslar mavjud bo‘lgan holda bekor qilinganligini isbotlab bera olmasa, xodimning talablari qanoatlantiriladi.
Bunday talablar ish beruvchi buyrug‘ini g‘ayriqonuniy deb topish va ishga tiklash, moddiy va ma’naviy zararni undirish bo‘lishi mumkin. Xodim ishga tiklash o‘rniga uch oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda tovon undirilishini ham talab qilishi mumkin.
10.Amaliy tavsiyalar
- Mehnat shartnomasini bekor qilishga haqiqatda asoslar mavjudligini tekshiring.
- Mehnat shartnomasini bekor qilayotgan shaxs vakolatlimi, aniqlik kiriting.
- Buyruqda mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari to‘g‘ri ko‘rsatilganligiga ishonch hosil qiling.
- Buyruqda mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan kunni to‘g‘ri ko‘rsating, xodimni buyruq bilan tanishtiring hamda buyruqning ko‘chirma nusxasini bering.
- Shartnoma bekor qilingan kunda xodim-bilan yakuniy hisob-kitob qiling.
Xulosa qilib aytganda, mehnat shartnomasini bekor qilishda qonuniy asos mavjud bo‘lishi bilan bir qatorda, ushbu jarayonning qonunda belgilangan tartibda (Mehnat kodeksi 170-moddasi) rasmiylashtirilishi ham muhim ahamiyatga ega.