Norasmiy bandlikni kamaytirish uchun rasmiy ishlashni osonlashtirish kerak
Muhim Ishga qabul qilish ✨ Bepul

Norasmiy bandlikni kamaytirish uchun rasmiy ishlashni osonlashtirish kerak

21.08.2026 26 ko'rildi 0 izoh

Maqolada Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan mehnat va bandlik sohasidagi islohotlar ruhida kunlik va qisqa muddatli ishchilar bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish imkoniyatlari yoritiladi.

Oʻzbekistonda norasmiy bandlik masalasi hali ham mehnat bozorining eng dolzarb muammolaridan biri boʻlib qolmoqda. Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda sezilarli natijalarga erishildi: rasmiy maʼlumotlarga koʻra, yashirin iqtisodiyotning ulushi oʻn yil ichida 50 foizdan 26 foizgacha kamaygan. Biroq band aholining taxminan 38,8 foizi hamon norasmiy sektorda mehnat qilmoqda.

Muammoning yana bir muhim tomoni bor. Norasmiy mehnatning sezilarli qismi doimiy ish oʻrinlarida emas, balki mavsumiy, bir martalik yoki qisqa muddatli ishlarda uchraydi. Tadqiqotlarda norasmiy sektor ishchilarining qariyb uchdan biri mavsumiy yoki epizodik mehnat bilan band ekani qayd etilgan. Ayniqsa umumiy ovqatlanish, chakana savdo, qurilish kabi xodimlar oqimi yuqori boʻlgan sohalarda bu masala yaqqol koʻrinadi.

Oddiy misol. Restoranga katta tadbir uchun ikki kunga qoʻshimcha ofitsiantlar kerak boʻlishi mumkin. Qurilish tashkilotiga bir haftaga bir nechta ishchi jalb qilinishi ehtimol. Qishloq xoʻjaligida esa hosil yigʻish mavsumida qisqa muddatga qoʻshimcha ish kuchiga ehtiyoj paydo boʻladi. Bunday mehnat munosabatlari iqtisodiyot uchun tabiiy holat. Lekin ularni rasmiylashtirish tartibi qisqa muddatli ishning oʻzi kabi tez va sodda emas.

Amaldagi Mehnat kodeksi boʻyicha xodimni ishga qabul qilish bir nechta huquqiy bosqichlarni oʻz ichiga oladi. Xodimni tegishli hujjatlar bilan tanishtirish, mehnat shartnomasini kelishish va imzolash, ishga qabul qilish haqida buyruq chiqarish, maʼlumotlarni Yagona milliy mehnat tizimiga kiritish va shundan keyingina xodimni ishga qoʻyish nazarda tutilgan.

Doimiy mehnat munosabatlari uchun bunday tartib tushunarli va zarur. Ammo bir kun, uch kun yoki bir necha hafta ishlaydigan xodim uchun ham xuddi shu darajadagi protseduraning qoʻllanilishi ish beruvchi uchun qoʻshimcha maʼmuriy yuk yaratadi. Natijada ayrim holatlarda xodimni rasmiylashtirishdan koʻra uni norasmiy ishlatish osonroqdek koʻrina boshlaydi. Norasmiy bandlikka qarshi kurashda esa aynan shu nuqtaga eʼtibor qaratish muhim.

Bu muammoni hal qilish uchun mutlaqo yangi “kunlik ishchi” institutini yaratish shart emas. Chunki Mehnat kodeksida qisqa muddatli mehnat munosabatlari uchun huquqiy asos allaqachon mavjud. Kodeksning 495-moddasiga koʻra, ikki oygacha boʻlgan muddatga ishga qabul qilingan shaxs vaqtinchalik ishlarda band boʻlgan shaxs hisoblanadi. Bunday xodimlarga dastlabki sinov belgilanmaydi, mehnat shartnomasini bekor qilishda ham ayrim soddalashtirilgan qoidalar mavjud.

Shu bois eng maqbul yoʻl — yangi institut oʻylab topish emas, balki amaldagi “vaqtinchalik ish” instituti doirasida 30 kungacha boʻlgan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishning soddalashtirilgan elektron tartibini joriy etishdir. Bunday yondashuv qonunchilik tizimiga yangi tushunchalar kiritmasdan turib, mavjud normalarni mehnat bozorining bugungi ehtiyojiga moslashtirish imkonini beradi.

Buning texnik imkoniyatlari ham shakllanib bormoqda. 2025-yilda qabul qilingan PF-126-son Farmon bilan xodimlari soni 50 nafargacha boʻlgan xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohasidagi ayrim subyektlarga YAMMT orqali Face-ID yordamida elektron mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish imkoniyati berildi. Demak, endi masala yangi raqamli platforma yaratishda emas, balki mavjud imkoniyatni qisqa muddatli mehnat munosabatlariga moslashtirishda.

Masalan, ish beruvchi YAMMT mobil ilovasiga kirib, xodimning JSHSHIRini kiritadi, xodim Face-ID orqali oʻzini tasdiqlaydi, ish muddati, vazifasi va ish haqi belgilanadi. Bir marta elektron tasdiqlash orqali mehnat munosabatlari rasmiylashtiriladi. Ilmiy tadqiqotlarda bu jarayon shartli ravishda “60 soniyalik rasmiylashtirish” modeli sifatida taklif etilgan.

Bunda mehnat shartnomasini imzolash, alohida buyruq chiqarish va ishga qoʻyishni uchta mustaqil protsedura sifatida amalga oshirish oʻrniga, 30 kungacha boʻlgan vaqtinchalik ish uchun YAMMTda Face-ID yoki elektron raqamli imzo orqali qilingan bitta elektron qayd ushbu bosqichlarning oʻrnini bosishi mumkin. Bu ish beruvchi uchun vaqt va resursni tejaydi, davlat uchun esa mehnat munosabatlarini raqamli nazorat qilish imkonini kengaytiradi.

Lekin soddalashtirish xodimning huquqlarini qisqartirish hisobiga amalga oshmasligi kerak. Bir kun ishlagan odam ham mehnat qilgan shaxs hisoblanadi. Uning ishlagan kuni mehnat stajiga qoʻshilishi, ijtimoiy sugʻurta tizimida aks etishi va mehnat muhofazasi kafolatlari saqlanishi zarur. Shuning uchun kunlik ish uchun yagona soddalashtirilgan ijtimoiy badal mexanizmini joriy qilish taklif etilmoqda. Masalan, oylik ijtimoiy toʻlov ish kunlari soniga mutanosib taqsimlanib, xodim qancha kun ishlagan boʻlsa, shu miqdorda badal hisoblanishi mumkin.

Bu mexanizmning yana bir afzalligi bor. Hozir norasmiy ishlayotgan odam davlat statistikasida ham, ijtimoiy sugʻurta tizimida ham toʻliq koʻrinmasligi mumkin. Agar har bir ish kuni elektron qayd etilsa, xodim uchun staj, sugʻurta va ijtimoiy himoya shakllanadi. Davlat uchun esa mehnat bozorining real manzarasini koʻrish imkoniyati paydo boʻladi.

Biroq bu yerda ehtiyot boʻlish lozim boʻlgan ikkinchi tomon ham mavjud. Agar qisqa muddatli shartnoma tuzish juda sodda boʻlib qolsa, ayrim ish beruvchilar doimiy ish oʻrinlarini sunʼiy ravishda “kunlik” yoki “vaqtinchalik” shartnomalarga boʻlib yuborishi mumkin. Masalan, aslida yil boʻyi ishlayotgan xodim bilan har oy yangi qisqa muddatli shartnoma tuzilishi ehtimoli paydo boʻladi.

Shu sababli soddalashtirilgan tartib bilan bir vaqtda xodimni himoya qiluvchi mexanizmlar ham boʻlishi shart. Bir ish beruvchi bilan bir xodim oʻrtasida yil davomida tuziladigan qisqa muddatli shartnomalar soniga cheklov belgilash, bu cheklovdan oshgan taqdirda mehnat munosabatlarini avtomatik ravishda nomuayyan muddatli deb tan olish, shuningdek ish haqining eng kam miqdori, mehnat muhofazasi va ijtimoiy sugʻurta kafolatlarini toʻliq saqlash shular jumlasidandir.

Norasmiy bandlikka qarshi kurashda yana bir muhim masala — jazo va ragʻbat oʻrtasidagi muvozanat. Har bir rasmiylashtirilmagan xodim holati ish beruvchining atayin qonunni buzganini anglatmasligi mumkin. Ayrim hollarda kichik tadbirkor tartibni bilmagan, rasmiylashtirishga ulgurmagan yoki maʼmuriy jarayonni ortiqcha murakkab deb hisoblagan boʻlishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan “ixtiyoriy bartaraf etish” mexanizmini joriy qilish ham mantiqiy. Yaʼni ish beruvchi tekshiruv boshlangunga qadar norasmiy ishlayotgan xodimini ixtiyoriy ravishda rasmiylashtirsa, uni javobgarlikdan ozod qilish yoki jarimani sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Bu davlatning vazifasini faqat jazolovchi emas, balki tadbirkorga toʻgʻri ishlash yoʻlini koʻrsatuvchi institut sifatida ham namoyon etadi.

Xalqaro tajriba ham rasmiylashtirish protseduralarini soddalashtirish samarali natija berishini koʻrsatadi. Fransiyada TESE va TESA tizimlari bir nechta mehnat va ijtimoiy protseduralarni bitta onlayn xizmat orqali bajarish imkonini beradi. Urugvayda yagona soddalashtirilgan badal mexanizmi soliq va ijtimoiy sugʻurta toʻlovlarini birlashtirgan. Singapurda esa platformalar orqali ishlovchilarning ijtimoiy himoyasi alohida huquqiy mexanizmlar bilan taʼminlangan.

Ushbu tajribalardan chiqadigan asosiy xulosa oddiy: rasmiy ishlash qanchalik oson boʻlsa, norasmiy mehnatga ehtiyoj shunchalik kamayadi. Aksincha, rasmiylashtirish qimmat, uzoq va murakkab boʻlsa, hatto yuqori jarimalar ham muammoni toʻliq hal qilmasligi mumkin.

Shuning uchun norasmiy bandlikka qarshi kurashni faqat tekshiruv va jazo bilan bogʻlash toʻgʻri yondashuv emas. Qonuniy mehnat munosabatlarini ish beruvchi va xodim uchun qulay, tez va tushunarli qilish kerak. Bir kunlik ish uchun — bir daqiqalik elektron rasmiylashtirish, har bir ish kuni uchun — mehnat staji va ijtimoiy sugʻurta, ish beruvchi uchun — kamroq byurokratiya, xodim uchun esa toʻliq mehnat huquqlari kafolati boʻlishi mumkin.

Taklif etilayotgan mexanizmning mohiyati ham shunda: norasmiy bandlikni taqiqlar sonini koʻpaytirish orqali emas, balki rasmiy ishlashni norasmiy ishlashdan osonroq qilish orqali kamaytirish.

Baʼzan iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish uchun yana bir jarima yoki yana bir tekshiruvdan koʻra, odamga qonuniy ishlashning sodda va qulay yoʻlini yaratib berish samaraliroq boʻladi.

 

Izohlar (0)
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling!
Izoh qoldiring