Davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi: yangi tartib va uning ahamiyati
Maqolada 5 kunlik ish haftasini tashkil etish bo'yicha aniq tavsiyalar beriladi
Oʻzbekiston Respublikasida sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida muhim qadam tashlandi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-noyabrdagi PQ-336-sonli “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining moddiy va maʼnaviy manfaatdorligini oshirish bilan bir qatorda, ular uchun zamonaviy va qulay mehnat muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Besh kunlik ish haftasiga oʻtish
Qarorning 5-bandiga muvofiq, 2026-yil 1-apreldan boshlab barcha davlat tibbiyot muassasalari besh kunlik ish haftasi rejimiga oʻtkaziladi. Endilikda shanba va yakshanba kunlari dam olish kunlari etib belgilanadi.
Mazkur oʻzgarish tibbiyot xodimlarining dam olish huquqini kengaytirish, ularning sogʻligʻini saqlash va kasbiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan. Shu bilan birga, avval amal qilgan olti kunlik ish yuklamalari besh ish kuniga qayta taqsimlandi hamda muassasalarning ichki ish tartibi qayta koʻrib chiqildi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan davlat tibbiyot muassasalari uchun namunaviy ish vaqti meʼyorlarini ishlab chiqish hamda yagona amaliyot joriy etish koʻzda tutilgan.
Ish vaqti meʼyorlariga kiritilgan oʻzgartirishlar
Aholi salomatligini muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning sifati hamda samaradorligini oshirish, sogʻliqni saqlash sohasidagi davlat boshqaruvi va nazorat tizimini zamonaviy talablar asosida tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2026-yil 5-maydagi PF-77-son Farmoni qabul qilindi.
Farmonda sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari, sogʻliqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirishning asosiy yoʻnalishlari, sogʻliqni saqlash vazirligining tashkiliy tuzilmasi belgilandi.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 758-son qaroriga ayrim toifadagi tibbiyot xodimlari uchun belgilangan ish vaqti meʼyorlariga oʻzgartirishlar kiritildi. Ilgari:
- ayrim xodimlar uchun kunlik ish muddati 5,5 soat;
- oʻta zararli va xavfli sharoitlarda ishlovchilar uchun 5 soat etib belgilangan edi.
Yangi tartibga koʻra esa ushbu meʼyorlar haftalik ish vaqti shaklida belgilanmoqda:
- 5,5 soatlik kunlik ish rejimi - haftasiga 33 soat;
- 5 soatlik kunlik ish rejimi - haftasiga 30 soat;
-ayrim hollarda 4 soatlik ish rejimi - haftasiga 24 soat tarzida qayta hisoblandi.
Bu esa tibbiyot xodimlarining mehnat huquqlarini saqlab qolgan holda, besh kunlik ish haftasiga moslashuvchan tarzda oʻtishni taʼminlaydi.
Yangi tartibning asosiy mazmuni
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan davlat tibbiyot muassasalarining besh kunlik ish haftasiga oʻtishining vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi. Unga koʻra:
|
T/R |
Ish vaqtlari (soatda) |
Hafta kunlari |
||||
|
Dushanba |
Seshanba |
Chorshanba |
Payshanba |
Juma |
||
|
Haftalik ish rejimi umumiy 24 soatlik lavozimlar uchun |
||||||
|
1. |
Kunlik umumiy ish vaqti |
5 |
5 |
5 |
5 |
4 |
|
Haftalik ish rejimi umumiy 30 soatlik lavozimlar uchun |
||||||
|
2. |
Kunlik umumiy ish vaqti |
6 |
6 |
6 |
6 |
6 |
|
Haftalik ish rejimi umumiy 33 soatlik lavozimlar uchun |
||||||
|
3. |
Kunlik umumiy ish vaqti |
6.6 |
6.6 |
6.6 |
6.6 |
6.6 |
|
Haftalik ish rejimi umumiy 36 soatlik lavozimlar uchun |
||||||
|
4. |
Kunlik umumiy ish vaqti |
7.2 |
7.2 |
7.2 |
7.2 |
7.2 |
|
Haftalik ish rejimi umumiy 40 soatlik lavozimlar uchun |
||||||
|
5. |
Kunlik umumiy ish vaqti |
8 |
8 |
8 |
8 |
8 |
Yaʼni:
- Haftalik 24 soatlik lavozimlarga:
Kunlik ish vaqti - 5 soatdan.
- Haftalik 30 soatlik lavozimlarga:
Kunlik ish vaqti - 6 soatdan.
- Haftalik 33 soatlik lavozimlarga:
Kunlik ish vaqti - 6,6 soatdan.
- Haftalik 36 soatlik lavozimlarga:
Kunlik ish vaqti - 7,2 soatdan.
- Haftalik 40 soatlik lavozimlarga:
Kunlik ish vaqti - 8 soatdan etib belgilanadi.
Mazkur tartib tibbiyot muassasalarining faoliyat uzluksizligini taʼminlash bilan birga, xodimlarning mehnat qonunchiligida belgilangan huquqlarini toʻliq saqlab qolishga xizmat qiladi.
Navbatchilik tizimi saqlab qolinadi
Tibbiyot muassasalari faoliyati uzluksiz boʻlishi zarurligi sababli, bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ish tashkil etiladi. Bunda:
- statsionar tibbiyot muassasalarida navbatchilik mavjud tunu-kun postlari doirasida;
- ambulatoriya va boshqa muassasalarda esa moslashuvchan ish vaqti rejimi asosida tashkil qilinadi.
- Moslashuvchan ish jadvali muassasa rahbari tomonidan tasdiqlanadi va xodimning mehnat shartnomasida belgilangan ish soatidan ortiqcha ishlashiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ish haqi va yuklamalar saqlanadi
Muhim jihatlardan biri shundaki, besh kunlik ish haftasiga oʻtish jarayonida xodimlarning:
- amaldagi ish yuklamalari;
- oylik ish haqi;
- ish haqiga tenglashtirilgan barcha turdagi toʻlovlari toʻliq saqlab qolinadi.
Bu esa islohotlarning tibbiyot xodimlari manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini yaqqol koʻrsatadi.
Tibbiyot tizimidagi islohotlarning ahamiyati
Mazkur yangiliklar sogʻliqni saqlash tizimida inson omiliga boʻlgan eʼtiborni kuchaytiradi. Tibbiyot xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash orqali:
- kasbiy charchoq kamayadi;
- ish samaradorligi ortadi;
- tibbiy xizmat sifati yaxshilanadi;
- xodimlarning kasbga boʻlgan qiziqishi va motivatsiyasi kuchayadi.
Shuningdek, xalqaro tajribada keng qoʻllanilayotgan besh kunlik ish haftasining joriy etilishi tibbiyot tizimini zamonaviy boshqaruv standartlariga moslashtirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, davlat tibbiyot muassasalarining besh kunlik ish haftasiga oʻtkazilishi sogʻliqni saqlash tizimidagi muhim ijtimoiy islohotlardan biridir. Ushbu oʻzgarishlar tibbiyot xodimlarining mehnat huquqlarini himoya qilish, ularga munosib mehnat sharoiti yaratish va tizim samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Kelgusida ushbu tartibning toʻliq takomillashtirilishi hamda amaliyotda samarali qoʻllanilishi tibbiyot sohasi rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi shubhasiz.