Yozilmagan qoidalar (yoki ishxonadagi hayot)
Bu asar — real hayotiy voqealar asosida yozilgan ko‘p serialli hikoyalar to‘plami hisoblanadi.
Yozilmagan qoidalar (yoki ishxonadagi hayot)
Amaliyot
Tarix fakultetining katta majlislar zalida odatdagidan odam koʻp edi. Oldingi qatorlarda ustozlar, orqaroqda talabalar, eng orqada esa shunchaki darsdan chiqib ketmaslik uchun kirib oʻtirganlar. Sahnada viloyat hokimligidan kelgan masʻul xodim gapiryapti.
-Bugun davlat xizmatida yosh kadrlarga ehtiyoj katta…
Mirjalol deraza yonidagi qatorda jim oʻtirardi. Bunday gaplarni u oldin ham koʻp eshitgan. Lekin bu safar boshqacharoq eshitdi. Chunki magistraturada oʻqiyotgan paytda uning oldida oddiy emas, juda real muammo turardi - kontrakt puli. Uni toʻlash uchun esa pul kerak. Pul topish uchun esa ish kerak edi. Shu sabab u har bir shunday gapni imkoniyatdek tinglardi.
Masʻul xodim gapini davom ettirdi:
-Ayniqsa tarixni biladigan, dunyoqashi keng, davlat Ishida ishlashni xohlaydigan yoshlar kerak.
Majlis zalida yengil qarsak eshitildi. Mirjalol esa beixtiyor kostyumining yengini tortib qoʻydi. Bu kostyumni qachon olganini ham eslolmadi. Oradan ancha vaqt oʻtgan, kiyim ham eskirib qolgandi. Oxirgi paytlarda uni almashtirish haqida koʻp oʻylayotgandi. Lekin hozircha bunga imkon yoʻq edi. Chunki ayni paytda unga yangi kiyimdan ham koʻra koʻproq ish kerak edi.
Tadbir tugagach hamma asta-sekin tarqala boshladi. Mirjalol ham chiqib ketayotgandi. Lekin eshik oldida bir gap qulogʻiga chalindi.
Masʻul xodim institut rahbariyatiga qarab:
-Yaxshi shogirdlaringiz boʻlsa bizga yuboringlar.
Oddiy gap. Lekin baʻzi gaplar odamning ichida qolib ketarkan.
Ertasi kuni dars tushlikkacha edi. Mirjalol ijarada turadigan kvartirasiga kirib kiyimini almashtirdi, qora papkasini qoʻliga oldi. Ichida diplom nusxalari, baholar, rezyume va hali hech kim soʻramagan sertifikatlar bor edi.
Viloyat hokimligi binosi uzoqdan ham salobatli koʻrinardi. Katta darvoza, temir panjaralar, bino oldidagi yoʻldan tinmay harakatlanayotgan mashinalar. Mirjalol ichkariga kirishga shoshilmadi. Avval biroz tashqarida turdi. Keyin soatiga qaradi.
13:24.
Ichida:
“Abeddan qaytishgandir,” deb oʻyladi.
Keyin kirish eshigi yonida oʻtirgan maxsus xodimlardan haligi masʻul xodimni soʻradi. Lekin hali qaytishmagan ekan.
U hokimlik oldida ancha kutdi. Sovuq havo, qoʻlida papka, atrofda esa shoshilib yuradigan odamlar. Hech kim hech kimga qaramaydi. Davlat binolari oldida odam negadir oʻzini kichrayib qolgandek his qilarkan. Goʻyo ichkariga kirish uchun nafaqat hujjat, yana qandaydir “boshqacha odam” boʻlish ham kerakdek tuyulardi.
Oradan qariyb qirq daqiqa oʻtgach, oq Nexia kelib toʻxtadi. Mashinadan kechagi masʻul xodim tushdi. Bir qoʻlida telefon, kim bilandir jiddiy gaplashib kelayotgandi. Mirjalol uni darrov tanidi. Lekin yaqinlashishga bir zum ikkilanib qoldi. Negadir bunday odamlarning oldiga borish ham jurʻat talab qiladigandek tuyulardi.
Shu payt oʻsha masʻul xodim:
-Keling sizga kim kerak? dedi.
-Kecha institutdagi tadbirda…
Gapini tugatishga ulgurmay masʻul xodim boshini koʻtardi. Bir necha soniya qarab turdi. Keyin eslagandek bosh irgʻadi.
-Ha… tarixchi bola-a?
-Ha.
-Keling.
Shu bitta “keling” Mirjalolga eshik ochilgandek tuyuldi. U papkasini mahkamroq ushladi.
-Kecha tadbirda yaxshi shogirdlar kerak degandingiz… Ish oʻrganmoqchiman. Shunga yoningizga kelgandim, - dedi u bu safar ancha dadilroq ovozda..
Boʻlim oʻninchi qavatda ekan. Ular birinchi qavatdagi lift orqali tepaga koʻtarilishdi. Mirjalol esa hokimiyat binosini umuman boshqacha tasavvur qilardi. Ichkariga kirgandan keyin hammasi sovuq, jiddiy va tushunarsizdek tuyulishini oʻylagan edi. Lekin bu yerda odamlar oddiy yurardi, kimdir hujjat koʻtarib shoshadi, yana kimdir koridorda kulib gaplashib turardi. Shu payt u ilk bor davlat idorasini uzoqdan koʻringanidek emasligini his qildi.
Masʻul xodim eshikni ochib ichkariga kirdi va yon tomonda kompyuterda ishlab oʻtirgan ayolga qarab dedi:
-Shu bola amaliyot oʻtashga kelibdi. Oʻzingiz qarab koʻring. Sinab koʻring, toʻgʻri kelsa amaliyotga olamiz dedi.
Shunday deb xonadan chiqib ketdi.
Keyin Mirjalol bildi - haligi masʻul xodim shu boʻlimning rahbari ekan. Kompyuter oldida oʻtirgan ayol esa uning oʻrinbosari.
Ayol koʻzoynagini biroz tepaga koʻtarib, sekin gapirdi:
-Papkangizni stolga qoʻying.
Mirjalol papkasini stol ustiga qoʻydi.
U hali bilmasdi.
Bu yerda eng qiyin narsa ishlash emasdi. Kimning oldida qanday odam boʻlishni bilish edi.Va bu - eng birinchi yozilmagan qoida edi.
Qisqa suhbat boʻlib oʻtdi. Kutilmaganda ayol:
-Kompyuterda yozishni bilasizmi? - deb soʻrab qoldi.
Mirjalol bir oz ikkilanib:
-Ha, - dedi.
Keyin uning qoʻliga bir hujjat tutqazdi va shuni Wordda yozib bering dedi.
Eng qizigʻi, matn kirill alifbosida yozilishi kerak edi. Mirjalol esa asosan lotinda yozishga oʻrganib qolgan edi. Baribir sezdirmaslikka harakat qildi.
Klaviaturaga qarab-qarab yozdi. Baʻzi harflarni qidirib topdi. Baʻzilarini esa taxmin bilan bosdi.
Bir amallab qariyb bir soatda matnni tugatdi.
-Tayyor boʻldi, - dedi sekin.
-Endi chernovekka chiqarib keling.
Mirjalol printerdan chiqarib, qogʻozni olib keldi.
Ayol qizil ruchkasini oldi-da, matnni tekshira boshladi. Oradan koʻp oʻtmay qogʻozning yarmi qizil belgilarga toʻlib ketdi.
Ayol boshini chayqab:
-Magistrlarning ahvolini qarang… - dedi.
Mirjalol indamadi.
Ichida nimadir choʻkib ketgandek boʻldi. Chunki u kirill alifbosida unchalik yaxshi yozolmasdi. Eng achinarlisi esa oddiydek koʻringan bunaqa amaliy narsalarni institutda hech kim oʻrgatmagan edi.
-Xatolarni toʻgʻrilab keling, - dedi ayol qogʻozni uzatib.
Mirjalol qogʻozni qoʻliga oldi.
Qogʻozdagi qizil chiziqlar koʻp edi.
Lekin oʻsha kuni u birinchi marta ishlashni emas, pastdan boshlashni oʻrgandi.
Va aynan shu kundan uning amaliyoti boshlandi.