Ta’tilni pulli kompensatsiyaga almashtirish tartibi: qachon mumkin, qachon taqiqlanadi?
Qonunchilikda ta’tilni har doim ham pulli kompensatsiya bilan almashtirishga ruxsat berilmaydi.
Mehnat ta’tili xodimning dam olishi va mehnat qobiliyatini tiklashi uchun beriladigan kafolatdir. Shu sababli qonunchilikda ta’tilni har doim ham pulli kompensatsiya bilan almashtirishga ruxsat berilmaydi. Mazkur masala Mehnat kodeksi 234-moddasida tartibga solingan.
1. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda kompensatsiya to‘lanadi.
Mehnat kodeksining 234-moddasi 1-qismiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi. Ya’ni xodim ishdan bo‘shayotgan bo‘lsa, u foydalanmagan yillik ta’til kunlari “yo‘qolib ketmaydi” - ular pul shaklida hisob-kitob qilinadi.
Mehnat kodeksi 172-moddasida ham mehnat shartnomasi bekor qilinayotganda xodim bilan yakuniy hisob-kitob qilinishi va hisob-kitob tarkibiga oxirigacha olinmagan ish haqi, foydalanilmagan barcha asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun kompensatsiya va boshqa to‘lovlar kirishi belgilangan.
Mazkur qoidalar xodimning huquqiy manfaatlarini himoya qiladi. Chunki ta’til olish huquqi mehnat munosabatlari davomida shakllangan kafolat bo‘lib, mehnat shartnomasi tugashi bilan undan foydalanish imkoni qolmaydi. Shu sababli ish beruvchi foydalanilmagan ta’til kunlari uchun kompensatsiya to‘lab berishi shart.
2.Ish davrida ta’tilni pulga almashtirish cheklangan
Xodim ishlayotgan paytda ta’tilni to‘liq pulli kompensatsiyaga almashtirish mumkin emas.
Mehnat kodeksining 234-moddasi 2-qismiga ko‘ra, ish davrida xodimning xohishiga ko‘ra faqat har yilgi mehnat ta’tilining eng kam davomiyligidan ortiq qismi pulli kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkin.
Bu yerda eng muhim qoida shuki, xodim har yili kamida qonunda belgilangan minimal ta’tildan foydalanishi kerak. Mehnat kodeksining 217-moddasiga ko‘ra, har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi 21 kalendar kunni tashkil etadi. Demak, xodimning yillik ta’tili 21 kundan ortiq bo‘lsa, faqat ortiqcha qismi kompensatsiya qilinishi mumkin.
Bundan tashqari, ta’tilni kompensatsiyaga almashtirish uchun faqatgina xodimning yoki ish beruvchining xohishi o‘zi yetarli emas. Mazkur amaliyotni amalga oshirish uchun xodim xohishi va ish beruvchi roziligi bo‘lishi talab etiladi.
3.Yakshanba kuni kompensatsiya hisobida inobatga olinmaydi
Mehnat kodeksining 234-moddasi 3-qismiga ko‘ra, pulli kompensatsiya to‘lashda yakshanba kuni inobatga olinmaydi.
Amaliy jihatdan bu shuni anglatadiki, kompensatsiya hisob-kitobida ta’til davriga to‘g‘ri keladigan yakshanba kunlari haq to‘lanadigan kompensatsiya kuni sifatida hisobga olinmaydi.
4.Qaysi ta’tillarni kompensatsiya bilan almashtirib bo‘lmaydi?
Qonunchilik ayrim ta’tillarni pulga almashtirishni taqiqlaydi. Mehnat kodeksining 234-moddasi 4-qismida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarga, I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga beriladigan ijtimoiy ta’tillar, har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat ta’tillari, shuningdek ushbu Kodeksning 481 va 483-moddalarida nazarda tutilgan qoʻshimcha taʼtillardan asli holida foydalanilishi hamda mehnat davrida ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.
Mehnat kodeksi 218-moddasi 1-qismiga ko‘ra, oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarga - oʻttiz kalendar kunlik, I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga - oʻttiz kalendar kunlik uzaytirilgan yillik mehnat ta’tili beriladi.
Bunday ta’tillar ish davrida asl holida, ya’ni dam olish vaqti sifatida berilishi shart. Cheklov mazkur ta’tillarni, faqatgina, ish davrida kompensatsiyaga almashtirish mumkin emasligini belgilaydi.
Biroq, mehnat shartnomasi bekor qilinayotganda mazkur ta’tillar ham umumiy tartibda pulli kompensatsiyaga almashtirib beriladi.
5.Ijtimoiy ta’tillar kompensatsiyaga almashtirilmaydi
Mehnat kodeksining 239-moddasi 3-qismiga ko‘ra, ijtimoiy taʼtillarni jamlab hisoblashga va pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Demak, ijtimoiy ta’tilning huquqiy tabiati yillik mehnat ta’tilidan farq qiladi. U muayyan ijtimoiy holat - masalan, onalik, bola parvarishi, ta’lim olish yoki boshqa ijtimoiy ehtiyojlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli undan aynan belgilangan maqsadda va davrda foydalanish kerak.
6.Bolali xodimlarga beriladigan qo‘shimcha ta’til ham kompensatsiyaga almashtirilmaydi
Mehnat kodeksining 401-moddasiga ko‘ra, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolaning yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga har yili kamida 4 kalendar kun haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Ushbu ta’til yillik mehnat ta’tiliga qo‘shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishilgan davrda alohida, to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib ishlatilishi mumkin.
Moddaning 2-qismiga ko‘ra, mazkur taʼtilni keyingi ish yiliga koʻchirishga yoki uni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ya’ni mazkur ta’til turi faqat asl holida foydalanilishi mumkin. Mazkur ta’tilni ish davrida ham, mehnat shartnomasi bekor qilinganda ham pulli kompensatsiyaga almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.