Ta’tillar mavsumi boshlanmoqda: ta’til davomiyligini 5 qadamda to‘g‘ri hisoblang!
Maqolada ta'til muddatini hisoblash tartibi tushuntiriladi
Yoz yaqinlashgani sayin ish joylarida eng ko‘p beriladigan savollardan biri: “Menga necha kun ta’til berilishi kerak?” bo‘ladi. Ba’zan xodim ham, ish beruvchi ham ta’tilni ish kunlari asosida hisoblab xatoga yo‘l qo‘yishadi. Aslida esa Mehnat kodeksining 216-232-moddalarida yillik mehnat ta’tili to‘g‘risidagi qoidalar aniq belgilab qo‘yilgan.
Mehnat kodeksi 221-moddasiga ko‘ra, har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqariladi. Ya’ni xodim 5 kunlik ish haftasi rejimida ishlaydimi yoki 6 kunlik ish haftasi rejimidami, ahamiyatga ega emas. Shanba va yakshanba kunlari ham ta’til muddatini hisoblashda e’tiborga olinadi. Ta’tillar davomiyligini hisoblashda faqatgina ishlanmaydigan bayram kunlarigina hisobga olinmaydi.
Muhim: har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tili davomiyligi 21 kalendar kunni tashkil etadi. Ayrim xodimlarga esa uzaytirilgan ta’til berilishi mumkin, masalan, 18 yoshga to‘lmaganlar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun qonunchilikda 30 kalendar kundan iborat har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili nazarda tutilgan.
Yechim: ta’tilni quyidagi 5 qadamda hisoblang:
Birinchi qadam - xodimning asosiy ta’tili muddatini aniqlang.
Umumiy holatda bu 21 kalendar kunni tashkil qiladi. Agar xodim alohida toifaga kirsa va unga qonunchilikda har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili kafolatlangan bo‘lsa, mazkur muddatni hisob uchun oling.
Ikkinchi qadam - xodimda qo‘shimcha ta’til olishga huquq bor yoki yo‘qligini aniqlang.
Masalan, Mehnat kodeksi 220-moddasiga ko‘ra, xodimga bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan staji uchun, 481, 483-moddalarida mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda, noqulay tabiiy iqlim sharoitlarida band bo‘lgan shaxslarga har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tillari nazarda tutilgan. Shuningdek, jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomasi, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida ham xodimda har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tillari berilishi kafolatlangan bo‘lishi mumkin.
Uchinchi qadam - asosiy va qo‘shimcha ta’tillarni jamlang.
Mehnat kodeksi 222-moddasiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tilining umumiy davomiyligini hisoblab chiqarishda qo‘shimcha ta’tillar har yilgi asosiy eng kam yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tilga qo‘shib jamlanadi.
Shuni yodda tutingki, qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlaganda ularning umumiy davomiyligi bir ish yili uchun 56 kalendar kundan oshmasligi kerak. E’tibor bering, bu yerda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashdagi chegara haqida gap ketmoqda. Agar jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida kafolatlangan qo‘shimcha ta’tillarni jamlaganingizda 56 kunlik me’yordan oshsa, bu qonunbuzilishi hisoblanmaydi.
To‘rtinchi qadam - ish yilini hisoblash.
Ish yili xodim tashkilotda ish boshlagan kundan boshlab, 12 oyni tashkil qiladi. Masalan, xodim 2025 yil 8-mayda ishga kirgan, bunda uning ish yili 2025-yil 8-maydan 2026-yil 7-mayga qadar bo‘ladi.
Ayrimlar ish yilini kalendar yil bilan chalg‘itadi, ya’ni ish yili yanvardan boshlanib, dekabrda tugaydi deb hisoblashadi. Bu yondashuv noto‘g‘ri.
Beshinchi qadam - ta’til jadvali va xodimning ta’til haqida xabardor qilinganini tekshiring.
Mehnat kodeksi 228-moddasiga ko‘ra, ikkinchi va keyingi ish yillari uchun ta’til taraflar uchun majburiy bo‘lgan ta’tillar jadvali asosida beriladi. Xodim ta’til boshlanishidan kamida 15 kun oldin xabardor qilinishi kerak.
Amaliy misol:
Tasavvur qiling, “A” xodim 2018-yil 1-iyuldan buyon tashkilotda ishlaydi. U oddiy lavozimda band, ya’ni har yilgi asosiy ta’tili 21 kalendar kunni tashkil qiladi.
U mazkur tashkilotda 5 yildan ortiq ishlagani uchun 2 kalendar kunlik qo‘shimcha ta’til olishga haqli.
Demak: 21 kun har yilgi eng kam asosiy ta’til + 2 kun uzoq yillik staj uchun qo‘shimcha ta’til = 23 kalendar kun.
Agar “A” xodim 2026-yil 20-maydan ta’tilga chiqsa, 23 kalendar kun ketma-ket sanaladi. Agar shu davr ichiga ishlanmaydigan bayram kunlari to‘g‘ri kelsa, u ta’til kunlariga qo‘shib hisoblanmaydi, ya’ni ta’til muddati amalda shuncha kunga uzaytiriladi.
E’tibor bering, ta’til muddatini hisoblashda faqatgina ishlanmaydigan bayram kunlarigina hisobga olinmaydi. Bunday bayram kunlari Mehnat kodeksi 208-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, 9 tani tashkil qiladi. Bayramlar munosabati bilan berilgan qo‘shimcha dam olish kunlari esa ta’tillar muddatini belgilashda hisobga olinadi.
Yakuniy xulosa shunday: ta’tillarni “ish kuni” emas, kalendar kun bilan hisoblang. Faqatgina Mehnat kodeksi 208-moddasida nazarda tutilgan ishlanmaydigan bayramlarnigina ta’tillar muddatini hisoblashda hisobdan chiqarib tashlang.