Ish haqi kechiktirildimi? Kompensatsiya talab qiling!
Maqolada ish haqi to‘lash muddatlari, uni kechiktirganlik uchun ish beruvchining javobgarligi hamda kompensatsiya hisoblash tartibi mehnat qonunchiligi asosida yoritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ayniqsa, ish haqi to‘lash muddatlari va uni kechiktirganlik uchun javobgarlik masalasi 253 va 333-moddalarda qat’iy huquqiy mexanizmlar belgilab o‘tilgan.
1.Ish haqi to‘lashning qonuniy muddatlari (253-modda)
Qonunchilikka ko‘ra, ish haqi to‘lash muddatlari korxonaning ichki hujjatlarida (jamoa shartnomasi, ichki mehnat tartibi qoidalari) belgilanadi. Biroq, bu muddatlar quyidagi majburiy talablarga javob berishi shart:
- ish haqi har yarim oyda kamida bir marta to‘lanishi kerak;
- oylik ish haqining ikki qismi (avans va qolgan qismi) orasidagi tanaffus 16 kundan oshib ketmasligi lozim;
- agar ish haqi to‘lanadigan kun dam olish yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, to‘lov ushbu kunlardan oldin (arafasida) amalga oshiriladi.
- ish haqini to‘lash boshqa to‘lovlarning amalga oshirilishiga yoki ularning ketma-ketligiga bog‘lab qo‘yilishi mumkin emas.
2.Ish beruvchining moddiy javobgarligi (333-modda)
Agar ish beruvchi to‘lov muddatlarini buzsa, u xodim oldida avtomatik ravishda moddiy javobgar bo‘ladi. Bu yerda gap nafaqat oylik ish haqi, balki ta’til to‘lovlari, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlar va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlar haqida ham ketmoqda.
Kompensatsiya qanday hisoblanadi?
Ish beruvchi kechiktirilgan har bir kun uchun xodimga pullik kompensatsiya to‘lashi shart.
- Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasining 10 foizi miqdorida.
- To‘lov muddatidan keyingi kundan boshlab, to haqiqatda hisob-kitob qilingan kungacha bo‘lgan davr uchun.
3.Eng muhim huquqiy nyuans: “Aybsiz aybdorlik”
333-moddaning uchinchi qismida juda muhim qoida mavjud: Kompensatsiya to‘lash majburiyati ish beruvchining aybi bor-yo‘qligidan qat’i nazar yuzaga keladi.
Bu nimani anglatadi? Ish beruvchi quyidagi bahonalarni ro‘kach qila olmaydi:
- “Bankda pul yo‘q edi”;
- “Texnik nosozlik bo‘ldi”;
-“Hamkorlarimiz pul o‘tkazib berishmadi”.
Sababidan qat’i nazar, kechiktirilgan har bir kun uchun pul to‘lanishi shart.
4.Xodimning xabardor bo‘lish huquqi
253-moddaga binoan, ish beruvchi xodimning so‘roviga ko‘ra unga hisoblangan ish haqi, amalga oshirilgan ushlanmalar (soliq, jarima va h.z.) haqida to‘liq ma’lumot berishi majburiydir.
Agar sizning ish haqingiz kechiktirilayotgan bo‘lsa, siz quyidagilarga haqlisiz:
1.Kechiktirilgan asosiy qarzni olish;
2.Har bir kun uchun Markaziy bank stavkasining 10% miqdorida kompensatsiya talab qilish.
Ushbu normalarning buzilishi nafaqat moddiy javobgarlikka, balki mansabdor shaxslarning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi bo‘yicha jarimaga tortilishiga ham asos bo‘ladi.
Agar korxonangizda shunday holat kuzatilayotgan bo‘lsa, siz yuqoridagi moddalarni asos qilib ko‘rsatgan holda rahbariyatga yoki Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishingiz mumkin.
Mehnat kodeksining 333-moddasiga asosan kompensatsiya miqdorini qo‘lda hisoblab chiqish biroz vaqt talab qilishi mumkin. Shu sababli, siz uchun barcha hisob-kitoblarni avtomatik bajaradigan Excel jadvalini ilova qilamiz.
333-modda bo'yicha hisob-kitopb qilish.xlsx
Xushnudbek Soliyev