529 TA BAXTSIZ HODISA: RAQAMLAR ORTIDA NIMA BOR?
Muhim Mehnatni muhofaza qilish ✨ Bepul

529 TA BAXTSIZ HODISA: RAQAMLAR ORTIDA NIMA BOR?

12.08.2026 100 ko'rildi 0 izoh

Maqolada baxtsiz hodisalarni kamaytirishga qaratilgan ishlar to'g'risida to'xtalib o'tilgan

Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarga qaraganimizda, avvalo raqamlarni ko‘ramiz.

Ammo har bir raqam ortida inson taqdiri, uning sog‘lig‘i, oilasi va yaqinlari hayotiga ta’sir qiladigan voqea turadi.

2026-yilning 7 oyi davomida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 529 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan.

Shundan:

24 tasi — guruhiy;

372 tasi — og‘ir oqibatli;

132 tasi — o‘lim bilan yakunlangan.

Jami 580 nafar xodim jabrlangan. Ularning 156 nafari halok bo‘lgan, 402 nafari og‘ir, 22 nafari esa yengil tan jarohati olgan.

Bu raqamlarni oddiy statistik ko‘rsatkich sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Chunki har bir raqam ortida inson hayoti va uning yaqinlari taqdiri turibdi.

Nima sababdan xodim jarohat oldi yoki hayotdan ko‘z yumdi? Eng muhimi — bu hodisaning oldini olish mumkinmidi?

Baxtsiz hodisa — voqealar zanjirining yakuniy nuqtasi

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab baxtsiz hodisalar birgina sabab tufayli yuzaga kelmaydi. Ularning ortida, odatda, bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta omillar ketma-ketligi mavjud bo‘ladi:

xavf → xavfni aniqlamaslik yoki e’tiborsiz qoldirish → nazoratning yetarli emasligi → xavfli harakat yoki xavfli sharoit → hodisa → jarohat.

Shuning uchun baxtsiz hodisa sodir bo‘lgandan keyin faqat “kim aybdor?” degan savolni berish yetarli emas.

Biz bundan oldingi bosqichlarni ham ko‘rishimiz kerak.

Xavf qachon paydo bo‘ldi?

Kim tomonidan aniqlandi yoki aniqlanmadi?

Nima uchun bartaraf etilmadi?

Nazorat nima sababdan ishlamadi?

Ana shu savollarga javob topmasdan turib, faqat hodisaning oqibatini o‘rganish orqali uning ildiz sabablarini bartaraf etib bo‘lmaydi.

“Yengil jarohatlar” qayerda?

Mehnat xavfsizligi tizimining samaradorligini faqat o‘lim yoki og‘ir jarohatlar soni bilan baholash yetarli emas.

Yetuk mehnat xavfsizligi tizimi hodisa sodir bo‘lishidan oldingi “signallar”ni ham ko‘ra olishi kerak.

Bular, jumladan:

Near Miss — baxtsiz hodisaga olib kelishi mumkin bo‘lgan, ammo jarohatsiz yakunlangan hodisalar;

xavfli harakatlar;

xavfli ishlab chiqarish sharoitlari;

aniqlangan xavflar;

xavflarni baholash natijalari;

xavfsizlik talablarining buzilishi;

tuzatish va profilaktik choralar;

ushbu choralar ijrosining monitoringi.

Agar tashkilotda xavfli holatlar muntazam aniqlansa, qayd etilsa va ular baxtsiz hodisaga yetib bormasdan oldin bartaraf etilsa — bu mehnatni muhofaza qilishni boshqaruv tizimi ishlayotganining muhim belgilaridan biridir.

Aksincha, tashkilotda “baxtsiz hodisa sodir bo‘lmadi” degan ko‘rsatkich mavjud bo‘lib, shu bilan birga Near Miss, xavfli harakatlar yoki aniqlangan xavflar to‘g‘risida umuman ma’lumot bo‘lmasa, bu holatni mehnatni muhofaza qilishni boshqaruv tizimi mukammal ishlayapti, deb baholash to‘g‘ri emas.

 Chunki ko‘rinmayotgan xavf — yo‘q xavf degani emas.

Bizga yangi yondashuv kerak

Bugungi kunda mehnat xavfsizligini faqat baxtsiz hodisalar statistikasi orqali baholash yetarli emas.

Biz reaktiv yondashuvdan proaktiv yondashuvga izchil o‘tishimiz kerak.

Reaktiv yondashuv:

hodisa → tekshiruv → sabab → chora.

Proaktiv yondashuv esa:

xavfni aniqlash → xavfni baholash → nazorat choralarini belgilash → monitoring → oldini olish.

Bu ikki yondashuv o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, birinchisi hodisaga javob beradi, ikkinchisi esa hodisaga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfni oldindan boshqaradi.

 Endi nima qilamiz?

Mazkur yondashuvni amaliyotga joriy etish, baxtsiz hodisalarni xabar berish, tekshirish va hisobga olish tizimini takomillashtirish maqsadida Davlat mehnat inspeksiyasi Mehnatni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan soha olimlari va mutaxassislari bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining “Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish hamda ularning oqibatida yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Ayni paytda mazkur loyiha belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda va tasdiqlanishi kutilmoqda.

Loyihada baxtsiz hodisalarni aniqlash, xabar berish, tekshirish va hisobga olish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bir qator muhim mexanizmlar nazarda tutilmoqda.

1. Ish beruvchining aniq majburiyatlari belgilanadi

Baxtsiz hodisa sodir bo‘lganda ish beruvchining qanday harakatlarni, qaysi tartibda va qanday muddatlarda amalga oshirishi kerakligi aniq tartibga solinishi nazarda tutilmoqda.

Bu, bir tomondan, hodisani yashirish yoki xabar berishni kechiktirishning oldini olishga, ikkinchi tomondan esa, jabrlanuvchining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda tekshiruvning to‘liq va sifatli o‘tkazilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

2. Tibbiyot muassasalari orqali yashirin hodisalarni aniqlash mexanizmi kuchaytiriladi

Amaliyotda ayrim jarohatlanish holatlari ish beruvchi tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilmasligi yoki o‘z vaqtida xabar qilinmasligi mumkin.

Bunday holatlarda jabrlanuvchining qonunchilikda belgilangan huquq
va kafolatlaridan foydalanish imkoniyati ham cheklanishi ehtimoli mavjud.

Shu sababli tibbiyot muassasalari tomonidan baxtsiz hodisa oqibatida jabrlangan shaxslar to‘g‘risida Davlat mehnat inspeksiyasi hamda kasaba uyushmalarini xabardor qilish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Bu mexanizmning asosiy maqsadi — yashirilishi mumkin bo‘lgan hodisalarni aniqlashdan tashqari, eng avvalo, jabrlanuvchi va vafot etgan xodimning oila a’zolari huquqlarini himoya qilishdir.

3. Yagona va xolis tekshiruv tizimi

Loyihadagi muhim o‘zgarishlardan biribarcha tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olishni Davlat mehnat inspeksiyasining vakolati sifatida belgilash taklif etilayotganidir.

Bunda tegishli sohaviy vakolatli organlarSanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, Tog‘-kon sanoati inspeksiyasi, O‘zenergoinspeksiya vakillari belgilangan tartibda komissiya tarkibida ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.

Bu yondashuvning maqsadi — tekshiruvlarni yagona mezonlar asosida, xolis, shaffof va kompleks tarzda tashkil etishdir.

Chunki baxtsiz hodisani tekshirish faqat sodir bo‘lgan voqeani qayd etish emas.

Bu — uning bevosita, asosiy va ildiz sabablarini aniqlash, tegishli xulosalar chiqarish hamda kelgusida takrorlanishining oldini olishga qaratilgan jarayondir.

4. Kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishning aniq tartibi belgilanadi

Baxtsiz hodisani tekshirish, rasmiylashtirish yoki hisobga olish jarayonida ish beruvchi, jabrlanuvchi va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasida turli kelishmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin.

Bunday kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishning aniq mexanizmi mavjud bo‘lishi jarayon ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini ta’minlash, qarorlarning asosliligini oshirish hamda nizolarni belgilangan tartibda hal etish uchun muhimdir.

Shu sababli loyiha bilan kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishning protsessual tartibini belgilash nazarda tutilmoqda.

5. Yong‘in, portlash va texnogen avariyalar bilan bog‘liq hodisalarda kompleks yondashuv

Agar baxtsiz hodisa yong‘in, portlash, texnogen avariya yoki tabiiy ofat oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lsa, tekshiruv komissiyasi tarkibiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakilini kiritish nazarda tutilmoqda.

Bunday hodisalarda sabablarni faqat mehnat xavfsizligi nuqtayi nazaridan emas, balki favqulodda vaziyatning kelib chiqish sabablari, texnik holat, tashkiliy choralar va boshqa omillarni hisobga olgan holda kompleks baholash muhimdir.

Bu esa hodisaning haqiqiy sabablarini chuqurroq aniqlash va kelgusida takrorlanishining oldini olish bo‘yicha samarali choralarni belgilash imkonini beradi.

6. Eng muhim o‘zgarishlardan biri — raqamlashtirish

Loyihada baxtsiz hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish jarayonlarini sun’iy intellektga asoslangan elektron axborot tizimi orqali amalga oshirishni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Bu oddiygina qog‘oz hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazish emas.

To‘g‘ri tashkil etilgan raqamli tizim:

- hodisa haqida tezkor xabar berish;
- tekshiruv jarayonining shaffofligini ta’minlash;
- hujjat va dalillarni tizimlashtirish;
- ishonchli statistik ma’lumotlarni shakllantirish;
- takroriy va yashirin hodisalarni aniqlash;
- xavflarni hudud, tarmoq va boshqa mezonlar kesimida tahlil qilish
imkonini berishi kerak.

Kelgusida bunday tizim “qancha baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi?” degan savol bilan cheklanib qolmasligi kerak.

U:

“Qayerda xavf yuqori?”

“Qaysi tarmoqlarda bir xil turdagi hodisalar takrorlanmoqda?”

“Qaysi xavflar og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda?”

“Qaysi profilaktik choralar natija bermoqda?”

kabi savollarga ham ma’lumotga asoslangan javob bera olishi kerak.

Loyiha tasdiqlanishi — yakun emas, yangi bosqichning boshlanishi

Yangi tartibning qabul qilinishi o‘z-o‘zidan xavfsizlikni ta’minlab bermaydi.

Haqiqiy natija uni amaliyotda qanday qo‘llashimizga bog‘liq.

Biz baxtsiz hodisani faqat sodir bo‘lgandan keyin tekshiradigan tizimdan hodisaga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni oldindan aniqlaydigan va boshqaradigan tizimga o‘tishimiz kerak.

Buning uchun har bir tashkilotda quyidagi savollar muntazam berilishi kerak:

Bugun ish joyimizda qanday xavflar mavjud?

Ushbu xavflarni kim aniqladi?

Ularni bartaraf etish yoki kamaytirish uchun nima qilindi?

Near Miss holatlaridan qanday xulosa chiqarildi?

Aniqlangan kamchiliklar takrorlanmasligi uchun qanday choralar ko‘rildi?

Ko‘rilgan choralar haqiqatan ham xavfni kamaytirdimi?

Mana shu savollar mehnat xavfsizligi tizimini hodisadan keyingi boshqaruvdan xavfni oldindan boshqarishga olib boradi.

Xulosa

Statistika bizga nima sodir bo‘lganini ko‘rsatadi.

Tekshiruv nima sababdan sodir bo‘lganini aniqlaydi.

Tahlil esa keyingi hodisaning oldini olish uchun nima qilish kerakligini ko‘rsatishi kerak.

Shu bois zamonaviy mehnat xavfsizligi tizimining eng muhim savoli:

“Nechta baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi?” emas, “Keyingi baxtsiz hodisa sodir bo‘lmasligi uchun bugun nima qildik?” bo‘lishi kerak.

Bizning maqsadimiz— baxtsiz hodisa sabablarini chuqur tahlil qilish, xavflarni oldindan aniqlash va imkon qadar ularning oldini olish.

 

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari — Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha Bosh davlat texnik inspektori Shukurullo Mavlyanov

Izohlar (0)
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling!
Izoh qoldiring